Credit Suisse Group AG bankining sobiq rahbarlari Endryu Pirs, Surjan Singx va Detelin Subev firibgarlikda ayblanib, qo‘lga olingan. Bu haqda Reuters AQSh hukumatidagi manbalariga asoslanib xabar berdi.
Nyu-York federal sudi sobiq bankirlarni Mozambik hukumatiga kredit ajratishda firibgarlik sxemalaridan foydalanib, bankning ichki tartibini shaxsiy manfaatlari va noqonuniy faoliyatini yashirish maqsadida buzganlikda ayblagan.
Bloomberg nashrining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq bankirlarni hibsga olish Mozambik moliya vaziri Manuel Changning hibsga olinishidan besh kun o‘tib amalga oshirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Mozambik hukumatiga 2013—2014-yillarda Credit Suisse hamda Rossiyaning VTB banklari tunets (okunlar oilasiga mansub, yirik yirtqich baliq) baliqlarini ovlash uchun kemalar hamda qirg‘oqlarni xavfsizligini ta’minlash tizimini xarid qilish uchun 2 millard AQSh dollari miqdorida kredit ajratgan. Ajratilgan kredit pullari davlat Ematum va ProIndicus korxonalari hisobiga, hamda Mozambique Asset Management davlat fondiga o‘tkazilgan. Kredit ajratilganda moliya vazirligini boshqargan Manuel Chang 2015-yilda iste’foga chiqqan, biroq kredit haqidagi ma’lumotlarni yashirgan.
Mozambik hukumatini kredit to‘lovlari bo‘yicha qarzni Xalqaro valyuta fondi 2016-yilda aniqlagan.
Nyu-York prokurorlari Manuel Changga nisbatan firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Manuel Changning kredit haqidagi ma’lumotlarni yashirgani, Mozambik davlati iqtisodiyotida defolt keltirib chiqargan.
Izoh (0)