Toshkent viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari yong‘in xavfsizligi xizmati bilan hamkorlikda viloyat hududidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida gaz ballonlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, favqulodda holatlarda tezkorlik bilan bajarilishi lozim bo‘lgan tadbirlar to‘g‘risida targ‘ibot suhbatlari o‘tkazmoqda, deb xabar berdi O‘zA.
Targ‘ibot tabirlarida mas’ul xodimlarga gaz quyish shoxobchasiga kelgan har qanday transport vositasining gaz balloniga oid hujjatlarini hamda gaz ballonlarining yaroqliligini tekshirish, kamchiliklar aniqlangan hollarda gaz quyishdan chetlatish, me’yoridan ortiq gaz yoqilg‘isi quymaslik, o‘z navbatida, haydovchilarga ham gaz ballondan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi tushuntirib o‘tildi.
“Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, qolaversa, favqulodda holatlarda zudlik bilan bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha haydovchilar hamda mas’ul xodimlarda ko‘nikma hosil qilishdir.
Toshkent viloyat IIB YHX boshqarmasi, uning joylardagi bo‘lim va bo‘linmalari tomonidan ayni vaqtga qadar 32 ta gaz quyish shoxobchasida ana shunday targ‘ibot suhbatlari tashkil etildi. Bu borada olib borilayotgan tadbirlar davom etadi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)