Kecha, 21-dekabr kuni Qarshi shahrida joylashgan “Vatanparvarlar” bog‘ida “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostida mardlik va jasorat darslari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Unda Mudofaa vazirligi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondonligi mas’ullari, Qashqadaryo viloyatidagi ta’lim muassasalarining o‘quvchi-yoshlari, shuningdek, shaharning barcha yoshdagi aholisi ishtirok etib, zamon talablari asosida barpo etilgan bog‘da yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti joriy yilning 14-dekabrida Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida aynan ushbu boqqa kelib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirgan edi.
Qariyb 7 gektar hududdagi “Vatanparvarlar” bog‘ida 2018—2019-yillarda 29,3 milliard so‘mlik rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish mo‘ljallangan. Ayni paytda 18 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan.
Bog‘dagi sun’iy ko‘l, amfiteatr, harbiy xandaq, alpinistlar uchun sun’iy qoya, tir va lukodrom qurilishi yakunlangan. Muzey qurilishi tugallanish arafasida, parashyutdan sakrash minorasi qurilishi, ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadal davom etmoqda.
Izoh (0)