Xorijiy davlatlarning oynalari tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yig‘imlarni undirish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.
Nizomga muvofiq, xorijiy davlatlarning oynalari tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalari deganda, xorijiy davlatlarda ro‘yxatda turgan, yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, o‘rindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan, vazni 3,5 tonnagacha bo‘lgan, old, yon va orqa oynalaridan biri yoki bir nechtasining tusi o‘zgartirilgan avtotransport vositalari tushuniladi.
Oynalari tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarining O‘zbekistonga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun 15 AQSh dollari miqdorida chegara bojxona postidagi bank kassalari orqali majburiy yig‘im undiriladi. Kassada kvitansiya rasmiylashtiriladi hamda uning bir nusxasi haydovchiga beriladi.
Yo‘l-patrul xizmati haydovchilardan majburiy yig‘imlar undirilganligini tekshirish uchun kvitansiya nusxasini ko‘radi, majburiy yig‘imlar to‘lanmaganligi aniqlanganda ma’muriy javobgarlik choralari ko‘riladi.
Izoh (0)