Minskda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan pochta markasi muomalaga chiqarildi. Bu haqda Belarusning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati ma’lum qildi, deya xabar beradi “Turon 24”.
Marka Aleksandr Nepogodin nomidagi Bobruysk bosmaxonasida tayyorlangan. Tiraji 48 ming dona. Marka markazida O‘zbekiston va Belarusning davlat gerblari yonma-yon joylashtirilgan.
Minsk shahridagi 1-pochta aloqasi bo‘limida pochta markalarini muomalaga chiqarish marosimi ham o‘tkazildi. Buning uchun ichiga xat solingan konvertga yangi pochta markasi yopishtirilib, konvert ustiga “Birinchi kun” degan yozuv bilan maxsus tamg‘a urildi. Shu tariqa ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan pochta markasi o‘zining sayohatini boshladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida diplomatik aloqalar 1993-yil 21-yanvarda o‘rnatilgan.
Izoh (0)