“Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi Farg‘ona tumani filiali tashabbusi bilan Janubiy Koreyaning Dae Young Medical tibbiyot kompaniyasi investitsiyasi hisobidan tibbiyotda foydalaniladigan o‘rik va shaftoli danaklarini qayta ishlash korxonasi tashkil etiladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ushbu kompaniyaning Farg‘ona tumanidagi faoliyati bo‘yicha tuman hokimiligi mutasaddilari Dae Young Medical tibbiyot kompaniyasi rahbari Li Yun Ku bilan muzokara o‘tkazdi. Muzokara davomida so‘ngi yillarda O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun qulay tadbirkorlik muhiti yaratib berilayotganligi, qishloq xo‘jaligida yetishtirilayotgan mahsulotlarning o‘zi ham shifobaxsh xususiyatga ega ekanligi, tibbiyot korxonasining faoliyati uchun Farg‘ona tumani juda qulay joy ekani investor tomonidan alohida ta’kidlandi.
Korxona tomonidan ikki bosqichda faoliyat tashkil etiladi. Birinchi bosqichda danak va mag‘izlarni qayta ishlash faoliyati bo‘lib, bu bosqichda qariyb ikki milliard so‘m investitsiya jalb etiladi hamda 50 ta ish o‘rni yaratiladi. Ikkinchi bosqich sharbat va murabbolar ishlab chiqarish hamda danak po‘choqlarini qayta ishlash jarayoni bo‘lib, ushbu bosqichga ham ikki milliard so‘m jalb etiladi va yana qo‘shimcha 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, 2019-yilning o‘zida 10 ming tonna danakni qayta ishlash rejalashtirilgan.
Muzokaralar davomida tuman hokimi Ilhomjon Nosirov tomonidan ushbu korxona faoliyati uchun zarur bo‘ladigan barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirishda ko‘maklashishga tayyor ekanliklari, bu uchun barcha imkoniyat mavjud ekanligi ta’kidlandi.
Shu kunning o‘zida tumandagi mutasaddi rahbarlar ishtirokida korxona faoliyati uchun joylar o‘rganilib, Oqbilol hududidan 3 gektar yer ajratilishiga kelishib olindi.
Izoh (0)