O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-oktabr kuni O‘zbekistonda AQSh biznesi haftaligi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi. Joriy yil may oyida AQShga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifning samarali natijalari strategik sheriklikning yangi davrini boshlash imkonini berdi.
Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, avvalo, texnologiyalar sohasidagi sheriklikni rivojlantirishning aniq istiqbollari muhokama qilindi.
Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, shuningdek, Palataning yangi a’zolarini jalb etgan holda, investitsiya loyihalarini tayyorlash muhimligi qayd etildi.
Kerolin Lemm davlat rahbariga samimiy qabul hamda Palata a’zolarining mamlakatimizdagi faoliyatiga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun AQSh ishbilarmonlar hamjamiyati nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekistonda barcha soha va yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar tadbirkorlik tashabbuslarini muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishda keng imkoniyatlar yaratayotgani qayd etildi.
Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashda faol ishtirok etishga tayyor ekani alohida ta’kidlandi.
Izoh (0)