Rejissor Rustam Meliyev tomonidan suratga olingan “Maqsad” filmi oktabr oyida eng ko‘p tomoshabin to‘plagan film bo‘ldi, deb yozadi MyDay.
Mazkur film joriy yilning 14-sentabr sanasida ilk marotaba keng omma hukmiga taqdim etilgan edi. Filmda korrupsiya sabab, o‘z vaqtida fosh etilmagan, aksincha uni yashirish ortidan baxtli bir oilaning taqdiriga nuqta qo‘yilishiga sabab bo‘lgan qonli jinoyat va uni fosh etishda ichki ishlar tizimida halol mehnat qilib, adolat qaror topishiga hissasini qo‘shib kelayotgan vijdonli xodimlarning mahorati namoyon etilgan. Bosh rollarni Seydulla Moldaxanov, Tohir Saidov, Bobur Yo‘ldoshev, Shahzoda Matchonova, Yulduz Rajabova, Nigora Karimboyeva, Anvar Kartayev, Kiara Krit va Jamshid Asadovlar ijro qilgan.
2-o‘rinda yosh rejissor Otabek Mirzaxolovning “Millioner kelin” kartinasi. Yoshlarning hayotga yengil qarashi qanday oqibatlarga olib kelishi haqida hikoya qiladigan komediya janridagi filmda bosh rollarni Otabek Mirzaxolov, Dilshod Mirzamurodov, Behruz Tohirov, Shirin Ismoilova, Ahmad Temurov, Murod Rajabov, Saida Rametovalar ijro etgan.
3-o‘rinda rejissor Nodir Mo‘minov tomonidan suratga olingan “Temur” filmi bo‘lib, filmning voqealari xalqaro terrorizm va O‘zbekistonda unga qarshi amalga oshirilayotgan ishlar haqida hikoya qiladi. Filmda vatanparvarlik, do‘stlik tuyg‘ulari ilgari surilgan. Bosh rollarni Alixan, Mirza Azizov, Elyor Mahkamov, Sayat Isembayev, Farhod Abduraimov, Maksim Akbarov va boshqalar ijro etgan.
4-o‘rinda Murod Inog‘omovning “Jonimga tegding jonim” kartinasi. Komedik melodrama janrida suratga olingan mazkur filmda bosh rollarni Azamat Ahrorov, Muborak Xodjayeva, Shohida Ismoilova, Hamid Toshpo‘latov, Bekzod Muhammadkarimov, Xosiyat Husanovalar ijro etgan.
5-o‘rinda Laziz Ashuraliyev rejissorligi ostida suratga olingan “Nayrang” filmi joylashgan. Muhammadiso Abdulxayirov, Murod Rajabov va boshqalar rol o‘ynagan mazkur film ham komediya janrida suratga olingan.
Izoh (0)