2018-yilning 12-oktabrida O‘zbekiston Prezidentining yopiq harbiy shaharchalardagi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari va ular oila a’zolariga savdo-maishiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori imzolandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Mazkur hujjatdan ko‘zlangan asosiy maqsad:
- davlat-xususiy sheriklik mexanizmini Mudofaa vazirligining yopiq harbiy shaharchalarida istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilari va ular oila a’zolariga tatbiq etish;
- zarur tovar va xizmatlar bilan ta’minlash;
- maqbul narxlarda ularni yetkazib berish.
Qarorning 2-bandiga ko‘ra, 2022-yilning 1-yanvarigacha Mudofaa vazirligining yopiq harbiy shaharchalarida istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolariga savdo-maishiy xizmatlarini ko‘rsatadigan tadbirkorlik subyektlari yagona soliq to‘lovidan ozod qilinadi.
Mazkur hujjatning 4-bandida belgilanganidek, Mudofaa vazirligining yopiq harbiy shaharchalarida harbiy kiyim, furnitura va boshqa kiyim-kechak vositalarini sotish uchun tadbirkorlik subyektlari hamda harbiy qism bilan savdo-maishiy xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolanishi kerak. Bunda tegishli litsenziya talab etilmaydi.
Izoh (0)