Avval xabar berganimizdek, “Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi poytaxtdagi moddiy-madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish holatini o‘rganmoqda. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Tumanlar kesimida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Bektemir tumanida birgina “Qo‘yliq ota” moddiy- madaniy merosi mavjud.
Qo‘yliq otaning asl ismi Hofiz shayx Qo‘yliqiy bo‘lib, samarqandlik hazrati No‘g‘ay ota avlodidan, ya’ni shayxlar sulolasidan.
O‘tgan asrning elliginchi yillarida Qo‘yliq ota maqbarasi buzilib ketish, ya’ni suv ostida qolish xavfi tug‘iladi. Shuningdek, daryo ustiga yangi ko‘prik qurilib, Farg‘ona yo‘lini ta’mirlash zarurati paydo bo‘ladi. O‘shandan so‘ng Qo‘yliq ota xoki boshqa joyga, ya’ni hozirgi o‘rniga ko‘chiriladi. Mustaqillikdan so‘ng, 1994-yilda maxsus loyiha asosida maqbara quriladi.
“Qo‘yliq ota”ni o‘rganishlar jarayonida maqbaraning egalik huquqi, texnik holati, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanganlik darajasi, foydalanish holatlari talab darajasida ekani aniqlandi. Ammo maqbara ichkarisi ta’mirga muhtoj. Havo almashinuvi yaxshi bo‘lmagani bois, gumbazning ko‘chgan joylari maqbaraga kirishingiz bilan ko‘zga tashlanadi.
— Maqbaraning ichki hududini obodonlashtirish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, biroq bozor, savdo va ovqatlanish shoxobchalari tarixiy obyektga juda yaqin bo‘lgani uchun sanitariya holati talab darajasida emas, – deydi Xalq deputatlari Bektemir tuman Kengashi deputati Xurshid Rahimgaziyev. — Maishiy chiqindilar to‘g‘ri kelgan yerga tashlab ketaverilgan, yengil mashinalarni saqlash uchun esa turargohning o‘zi yo‘q. Albatta, mahalliy ziyoratchilar bunday kamchiliklarni ko‘rsa-da, ko‘rmaganlikka olib ketaveradi. Ammo xorijlik ziyoratchilarni bu ahvolda maqbaraga olib kelib bo‘lmaydi. Avvalo, atrofni bugungi kun talab darajasida tartibga keltirishimiz va maqbarani sayyohlik xaritasiga kiritishimiz lozim.
Izoh (0)