Toshkent shahar hokimligi va IBBB vakillaridan iborat delegatsiya Moskvada bo‘lib turibdi. Bu haqda “Podrobno.uz” xabar bermoqda.
Safar poytaxt hokimligida transport va yo‘l-transport infrastrukturasi departamenti tuzilayotgani bilan bog‘liqligi bildirilmoqda.
“Moskva tashqi iqtisodiy va xalqaro aloqalar departamentida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hokimlikning Moskva meriyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq qator masalalar muhokama qilindi. Moskva hukumati istalgan yo‘nalish, jumladan, moliyalashtirish masalasida hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Shuningdek, shahar yo‘lovchi transportini rivojlantirish, avtobuslar yekazib berish, yo‘l-transport infrastrukturasi sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi”, — deya ma’lum qildi hokimlik matbuot xizmati.
Safar doirasida delegatsiya Moskva yo‘l harakatini tashkillash markazi faoliyatini o‘rganmoqda. 1999-yilda o‘z ishini boshlagan mazkur markaz bugungi kunda transport vaziyatini yaxshilash bo‘yicha MDH davlatlari orasida eng yaxshi va namunali tashkilotlardan sanaladi.
Izoh (0)