O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillarining Janubiy Koreya Inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti (NHI) delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Uchrashuv 2018-yilda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va NHI o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv hamda hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumga muvofiq tashkil etildi.
O‘zbekistonga tashrif doirasida Janubiy Koreyaning davlat xizmatchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha asosiy o‘quv-ta’lim muassasasi tinglovchilari Davlat boshqaruvi akademiyasi va boshqa qator vazirlik hamda idoralar faoliyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
O‘zbekistonlik hamda koreyalik mutaxassislar o‘rtasida tajriba va amaliy tavsiyalar almashinuvi bo‘lib o‘tgani tashrifning muhim natijalaridan biri bo‘ldi. Mehmonlar O‘zbekistonda AKT sohasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, yuqori texnologik ishlab chiqarish tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan AT-korxonalari va mutaxassislariga taqdim etilayotgan imtiyozlar va yengilliklar, “Elektron hukumat” tizimini joriy etishdagi natijalar bilan tanishtirildi.
Izoh (0)