Qurbon hayiti munosabati bilan Prezidentning o‘zbekistonliklarga yo‘llagan bayram tabrigi haj amalini ado etayotgan hojilarni ham quvontirdi. Tabrikni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov o‘qib eshittirdi, deya xabar beradi O‘zA.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari, “Haj-2018“ mavsumining ishchi guruh rahbari Nuriymon Abulhasan ushbu bayram tabrigi mazmun-mohiyatini hojilarga tushuntirib berdi.
Xususan, hojilar o‘z ibodatlarini ado etib bo‘lgach, O‘zbekistonga qaytganlaridan so‘ng oilalar mustahkamligini ta’minlash, adashgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash hamda ularni komil inson qilib tarbiyalashda yanada faolroq bo‘lishlarini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbekistonlik hojilar Makkai Mukarramadek niyatlar qabul va duolar mustajob bo‘ladigan maskanda Prezidentga kuch-quvvat, yurt tinchligi va xalq farovonligini so‘rab, duolar qildi.
Izoh (0)