Prezident farmoniga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Fan to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqilgandi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda fan sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga solish, ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, istiqbolli ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlarini yaratish bo‘yicha huquqiy hujjat mavjud emas. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari — AQSh, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Singapur, Yaponiya va MDH davlatlarida esa bunday qonunlar ilm-fan, iqtisodiyot va jamiyat rivojining huquqiy asosiga aylangan.
Qonun loyihasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va uning huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlari, vazirlik va idoralar, Yuqori texnologiyalar markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va oliy ta’lim muassasalarida 100 dan ortiq muhokamalar tashkil qilindi. Manfaatdor vazirlik va idoralarning taklif va e’tirozlari inobatga olinib, tegishli tuzatishlar kiritgan holda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.
2018-yilning I choragida “Fan to‘g‘risida”gi qonuni loyihasiga www.regulation.gov.uz veb-saytida fuqarolar tomonidan juda katta qiziqish bildirildi. Ushbu qonun loyihasi 2210 ta izoh qoldirilgan normativ hujjat sifatida yetakchi o‘rinni egalladi
Izoh (0)