Hindiston markazidagi Chhattisgarh shtatida politsiya maxsus bo‘linmalari va maochi-jangarilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar oqibatida kamida 15 nafar jangari halok bo‘lgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Xabar berisharicha, 6 avgust, juma kuni kamida 15 nafar jangari yo‘q qilinganidan tashqari ko‘plab miqdordagi qurol-yarog‘ zaxirasi ham aniqlanib, musodara qilingan.
Qayd etishlaricha, politsiya yo‘q qilingan jangarilardan biri maochilarning taniqli dala qo‘mondonlaridan biri ekanligini aniqlagan. Qolganlarning shaxsi noma’lum.
Hindistonda naksallar deb ataluvchi jangari maochilar Hindistonning Bihar, Chhattisgarh, Jarkhand, Orissa kabi shtatlarida faol harakat qiladi.
Ular asosan junglilarda yashirincha, partizancha kurash olib borib, muntazam ravishda aholi punktlariga, hukumat vakillariga hujum uyushtirib turadi.
Maochi-jangarilar 1960-yillardan beri Hindiston markaziy hukumatiga qarshi, “dehqonlarni kapitalizm iskanjasidan qutqarish” shiori ostida kurashib keladi.
Izoh (0)