Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati Toshkent shahrining Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalari kesishuvidagi 9 gektar maydonda barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli Humo Arena muz saroyi qurilishidan fotogalereya taqdim etdi, deb yozadi “Xalq so‘zi”.
12 ming kishilik tribunaga ega ko‘p funksional saroy hududida muz arenasi, mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan maydon, o‘quv-ko‘ngilochar bolalar xiyoboni, oilaviy ko‘ngilochar markazlar, amfiteatr, favvorali xushmanzara bog‘lar, restoran va rekreatsion hududlar, bog‘ va sayilgoh, zamonaviy parking va boshqa ko‘plab inshootlar joylashadi.
Majmuada o‘lchamlari 60x30 metr bo‘lgan ikkita — asosiy va mashq muz arenalari rejalashtirilgan bo‘lib, bino umumiy maydoni 74 ming kvadrat metrni tashkil qiladi, bino 4 qavatdan iborat bo‘lib, balandligi 36 metrni tashkil etadi.
Shuningdek, muz saroyi 12,5 ming o‘ringa ega bo‘lib, konsert zali sifatida 10 ming, sport musobaqalar o‘tkazish zali sifatida esa 14 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Asosiy binoda 300 o‘rinlik mashq arenasi ham loyihalashtirilgan.
Majmua hududida shuningdek, sport muzeyi, bolalar uchun yopiq o‘yingoh, trenajyor zallari, fitnes markazi, zamonaviy tipdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, sport anjomlari do‘koni va boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashtiriladi.
Inshoot atrofi zamonaviy landshaft arxitekturasi usullaridan foydalangan holda obodonlashtiriladi va aholiga qulay bo‘lgan madaniy hordiq chiqarish uchun maydonchalar va bog‘lar barpo etiladi. Bundan tashqari, bino yonida 2 mingta avtomobil uchun mo‘ljallangan 4 qavatdan iborat avtoturargoh quriladi.
Muz saroyi dizaynida zamonaviy qurilish yechimlari va ilg‘or texnologiyalar milliy madaniyat elementlari bilan uyg‘unlashtiriladi, jumladan, inshootning me’moriy g‘oyasidan muhabbat, baxt va hurlik ramzi bo‘lgan Humo qushi o‘rin olgan.
Ularda jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar uchun ham barcha sharoitlar yaratiladi.
Mazkur majmua dunyodagi yetakchi arxitektorlik byurolaridan biri bo‘lgan va 2018-yilda Janubiy Koreyaning Pyongchang shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan qishki Olimpiya o‘yinlari uchun xam barcha olimpiya obyektlarni loyihalashtirgan byuroning eksklyuziv loyihasi bo‘yicha, arxitektura va dizayn sohasidagi eng zamonaviy tendensiyalardan foydalangan holda, xalqaro sport federatsiyalarining oliy darajadagi musobaqalar o‘tkazish bo‘yicha standart va talablarga muvofiq quriladi.
O‘zbekiston uchun eksklyuziv loyiha bo‘lgan yangi ko‘p funksional muz saroyi bugunning o‘zida nafaqat katta megapolisning, balki dunyo miqyosidagi eng yaxshi sport-madaniy markazlaridan biri bo‘lish uchun jiddiy talablar bilan chiqmoqda. Obyekt 2018-yilning 31-dekabr kuniga qadar ishga tushirilishi mo‘ljallangan.
Izoh (0)