“O‘zeltexsanoat” AK boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi A.Abdullayev hamda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari S.Habibullayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari yirik elektrotexnika sanoati korxonalari rahbarlari, investorlar bilan uchrashish, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishish maqsadida Janubiy Koreyada xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Xizmat safarining dastlabki kuni delegatsiya a’zolari onlayn rejimdagi issiq va sovuq suv hisoblagichlarni ishlab chiqaruvchi PSTech korxonasi vakillari bilan muzokara olib bordi. Dastavval korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishildi. O‘z navbatida koreyalik hamkorlarga O‘zbekistonda sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, chet ellik investorlar uchun berilayotgan imtiyoz va qulayliklar hamda mazkur korxona bilan yangi istiqbolli loyihalar tuzish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
PSTech korxonasi Koreyadagi yirik kompaniyalaridan biri hisoblangan Dongho Cosmo kompaniyasining doimiy hamkori sanaladi. Ayni paytda ushbu kompaniya bilan O‘zbekistonda hamkorlik munosabatlari boshlab yuborilgan. Ushbu yirik ishlab chiqarish korxonasi asosan onlayn rejimdagi elektr, gaz, issiq va sovuq suv hisoblagichlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Mazkur qurilmalar Toshkent shahridagi 18 ta xonadonda dastlabki sinov tariqasida o‘rnatildi. Agar ushbu tajriba muvaffaqiyatli yakunlansa, yangi istiqbolli loyihalar amaliyotga keng joriy etiladi.
Delegatsiya a’zolari 3-avgustga qadar Janubiy Koreyaning yana qator yetakchi sanoat korxonalari vakillari bilan o‘zaro manfaatli muzokaralar olib borishni rejalashtirgan.
Izoh (0)