20-iyul, juma kuni Musulmonlar idorasi rahbari, muftiy Usmonxon Alimov buyrug‘iga ko‘ra Toshkentdagi “Shayx Zayniddin” masjidi imom xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li vazifasidan ozod etildi. Bu haqda “Kun.uz” xabar bermoqda.
“Shayx Zayniddin” masjidi imom xatibi lavozimiga Toshkentning Chilonzor tumani bosh imom xatibi Husniddin Abdukarimov tayinlandi.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘lining nima sababdan lavozimidan ozod etilganiga aniqlik kiritilmagan.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li 1998–1999-yillarda Toshkentning Uchtepa tumanidagi “Hazrati Umar” jome masjidi imom xatibi, 1999–2000-yillarda Shayxontohur tumanidagi “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom noibi, 2010-2011-yillarda Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2011-yili Shayxontohur tumani bosh imom xatibi va “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom xatibi lavozimiga tayinlangan.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘lining “Ozodalik imonning go‘zal bahosi”, “Masjid odoblari”, “Ro‘za tutish odoblari”, “Haj manosiklari”, “Isrofdan saqlanaylik”, “Mehr-oqibat jannat garovidir” nomli risolalari chop etilgan. Uning “Kibrdan saqlanaylik”, “Jannat kaliti”, “Qo‘shnichilik haqlari va odoblari” kitoblari ayniqsa mashhur.
Hozirda Odilxon qori Yunusxon o‘g‘lining rahbarligi ostida “Muxlis.uz” sayti faoliyat yuritib kelmoqda.
Izoh (0)