Davlat rahbari Yadro fizikasi institutida o‘tkazgan uchrashuvda institut ilmiy kotibi Sayramboy Igamov so‘zga chiqib, olimlar, ziyolilarga alohida e’tibor qaratilayotgani, keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidlab, minnatdorlik bildirdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
U Toshkent viloyati, Qibray tumani tibbiyot birlashmasida laborant bo‘lib ishlayotgan rafiqasi 1993-yildan buyon O‘zbekiston fuqaroligini ololmayotganini aytib, shu masalada yordam berishni so‘radi.
Sayramboy Igamov turmush o‘rtog‘i bilan 2 farzandni voyaga yetkazgan. Ularning kattasi Turin politexnika universitetini bitirib, hozirda “Lukoyl” kompaniyasida ishlamoqda. Ikkinchi farzandi Toshkentdagi Inha universiteti talabasi.
Davlat rahbari ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan, fidoyi olimlarni qo‘llab-quvvatlash eng muhim vazifalardan biri ekanligini ta’kidlab, Sayramboy Igamovning iltimosi ijobiy hal etilishini bildirdi.
Shu kunning o‘zida Prezident farmoni bilan Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev Nargiza Igamovaga fuqarolik pasportini tantanali topshirdi.
— O‘zbekistonda yashab, mehnat qilayotgan bo‘lsam-da, fuqaroligim yo‘qligi bois ko‘nglim kemtik edi, — deydi Nargiza Igamova. — Yaqin qarindoshlarim Qozog‘istonda. Fuqarolik pasportim yo‘qligi uchun otam vafot etganda ma’rakasiga qatnasha olmadim. Bu men uchun eng katta armon bo‘lib qoldi. Shukrki, bugun fuqarolik pasportini qo‘limga oldim.
Izoh (0)