Musulmonlar idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga 2018—2019-o‘quv yili uchun qabul kvotalari e’lon qilindi. Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘rta maxsus islom bilim yurtlariga 15-iyundan 5-iyulgacha abituriyentlar hujjat topshirishi mumkin. Umumiy o‘rta ta’limni (11-sinf bazasida) tamomlaganlik to‘g‘risidagi shahodatnoma (attestat) yoki akademik litsey, kasb-hunar kolleji diplomiga ega bo‘lganlar tanlov asosida qabul qilinadi.
Ko‘kaldosh (Toshkent), Xoja Buxoriy (Qashqadaryo), Sayyid Muhyiddin maxdum (Andijon), Hidoya (Namangan), Mir Arab (Buxoro), Faxriddin ar-Roziy (Urganch), Muhammad al-Beruniy (Nukus) o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari o‘g‘il bolalar uchun 30 ta o‘rin ajratgan. Xadichai Kubro (Toshkent) hamda Jo‘ybori Kalon (Buxoro) ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari 20 nafar ayol-qizni qabul qilishini e’lon qilgan.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasiga 15-iyundan 10-iyulgacha hujjat topshirish mumkin. Ularga Musulmonlar idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtini bitirganligi haqida diplomga ega bo‘lganlar tanlov asosida qabul qilinadi.
Toshkent islom instituti 42 ta o‘rinni o‘g‘il bolalar va 8 ta o‘rinni qizlar uchun ajratgan. Mir Arab oliy madrasasi (Buxoro) 25 nafar o‘g‘il bola uchun kvota e’lon qilgan.
Shuningdek, Toshkent islom institutining maxsus sirtqi bo‘limiga 15-iyundan 30-iyungacha hujjat topshiriladi. Sirtqi bo‘limga o‘rta maxsus islom bilim yurtlarini tamomlaganligi to‘g‘risidagi hujjatga (diplom) ega, Musulmonlar idorasi tizimida 5 yil staji bor fuqarolar qabul qilinadi. Maxsus sirtqi bo‘limning qabul kvotalari to‘g‘risida hozircha ma’lumot taqdim qilinmagan.
Izoh (0)