Toshkent shahar IIBBga sudlangan shaxsning otasi murojaat qilib, advokatlar yordamida ozodlikdan mahrum etish chorasini boshqa ehtiyot chorasiga o‘zgartirib berishga va’da bergan tanishi ustidan shikoyat qildi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.
K.Mirkarim 2016-yilda jinoyat sodir etgani sabab javobgarlikka tortilgan o‘g‘lining ishi bo‘yicha shaxsan o‘zi tajribali advokatlarga murojaat qilish o‘rniga tanishi X.Obidga ishongan.
X.Obid advokat tanishlari yordamida Mirkarimning o‘g‘liga qo‘llanilgan jazo chorasini garov evaziga ozod qilish chorasiga o‘zgartirib berishga va’da bergan va buning uchun undan 117 million so‘m olgan. Biroq uning o‘g‘liga nisbatan qo‘llanilgan jazo chorasi o‘zgartirilmagan, X.Obid olgan pullarini o‘z ehtiyojiga sarflab yuborganligini tan olgan.
Toshkent shahar IIBB huzuridagi Jinoyat qidiruv boshqarmasi Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan to‘plangan daliliy ashyo va ma’lumotlar asosida gumondor X.Obid qo‘lga olinib, Bosh boshqarmaning Tergov bo‘limiga topshirildi va unga nisbatan firibgarlik jinoyati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)