Toshkent shahrida “Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zgarishlar, oziq-ovqat mahsulotlari va oziqlanish xavfsizligi” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar berdi.
Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti hamda Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy tadqiqot instituti (IFPRI) hamkorligida o‘tkazilgan ushbu anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq, Suv xo‘jaligi va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
“Mazkur anjuman O‘zbekistonda birinchi marta tashkil etilmoqda. Institut tomonidan ushbu mavzu doirasidagi hisobotlar Rim, Tokio, Moskva kabi dunyoning 14 ta davlatida taqdim etib kelinadi. 2018-yilgi Global oziq-ovqat siyosati bo‘yicha hisobot aynan Toshkent shahrida taqdim etilishi ham bejiz emas. Zero, O‘zbekiston o‘zining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdan tashqari, mahsulotlarini eksport qilish orqali ham xorijiy davlatlarning oziq-ovqat ta’minotiga katta hissa qo‘shayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining 2015-yili Rimda bo‘lib o‘tgan 39-konferensiyasida Ming yillik rivojlanish maqsadlariga erishgan mamlakatlarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston 14 ta davlat qatorida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda erishgan yutuqlari uchun maxsus mukofot bilan taqdirlangani fikrimiz tasdig‘idir ”, — deydi Vashingtondagi Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy tadqiqot instituti bosh direktori Shengen Fan.
Konferensiyada qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari tizimining tarkibiy o‘zgarishlari, uning oziqlanishdagi ahamiyati, Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi, raqobatdoshligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Izoh (0)