Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida qorabayir otlarini ko‘paytirishga ixtisoslashgan “Vodiy tulporlari” majmuasi ochildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov xabar berdi.
“Kvars” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2,5 gektar hududda bunyod etilgan zamonaviy majmuada har bir ot uchun alohida joy, maxsus mashq maydonlari, chavandozlarni o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv xonalari, mashg‘ulot o‘tish zallari, otboqarlar uchun dam olish va yuvinish xonalari, otlarni suvda va qumda yurgizadigan manejlar mavjud.
Farg‘ona vodiysida yagona bo‘lgan majmuada otlarning ko‘rgazmali chiqishlarini namoyish etish va sport musobaqalarini o‘tkazish uchun 180 o‘ringa mo‘ljallangan tomosha maydoni qurilgan.
50 otga mo‘ljallangan ushbu majmuada qorabayir zotli otlarni ko‘paytirish, naslini yaxshilash, ularni milliy va klassik sport turlariga tayyorlash ko‘zda tutilgan. 3 ta blokdan iborat otxonalarda bir yoshgacha, uch yoshgacha va undan katta yoshdagi otlar alohida o‘rgatiladi.
Tez orada majmuada ot bilan davolash markazini tashkil etish hamda sayyohlar uchun turizm yo‘nalishida otlarda sayr qilish xizmatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Ochilish marosimida ot sporti musobaqalari, chavandozlarning ko‘rgazmali chiqishlari hamda konsert dasturi namoyish etildi.
Marosimda bosh vazir o‘rinbosari Zoir Mirzayev, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev ishtirok etdi.
Izoh (0)