Shveysariyaning Jeneva shahrida 21-maydan beri davom etayotgan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi 71-sessiyasida, avval xabar berilganidek, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashmoqda.
Vazirlikdan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, safar davomida vazir Shodmonov Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus bilan ikki tomonlama alohida uchrashuv o‘tkazgan.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasining oshirilayotgani, shuningdek, sohada qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar, istiqboldagi rejalar va dasturlar haqida ma’lumot berilgan.
Suhbat davomida Tedros Gebreyesus O‘zbekiston tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlarni “tarixiy voqealar” deb atab, ularga shaxsan guvoh bo‘lish maqsadida 2018-yining o‘zida O‘zbekistonga tashrif buyurishini bildirgan.
“Shuningdek, u O‘zbekiston va JSST o‘rtasida mamlakatimiz manfaatlarini himoya qiluvchi ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga har doim tayyor ekanligini ta’kidladi”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Izoh (0)