Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 20 nafar pedagogiga Toshkent shahri Sergeli tumanidan uy-joy berildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
– O‘n to‘rt yildan buyon talabalarga dars berib kelaman, – deydi universitetning magistratura bo‘limi boshlig‘i Eldor Shermanov. – Ammo uzoq yillar davomida to‘rt farzandim bilan ijarada yashadik. Qiyinchiliklar bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan biz — pedagoglarga keng imkoniyat berildi. Uy-joyli bo‘ldik. Bundan buyon ham o‘z ishimda yuksak natijalarga erishishga harakat qilaman.
Universitetda 12 ta kafedrada 150 ga yaqin fan doktori va PhD darajasiga ega mutaxassislar faoliyat yuritadi. 1 200 dan ziyod talaba tahsil oladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 23-dekabrda universitetga tashrifi chog‘ida pedagoglarni uy-joy bilan ta’minlash haqida ko‘rsatma bergan edi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2016-yil 13-may kuni tashkil etilgan.
Izoh (0)