Janubiy Koreyaning Evergreen Motors Group kompaniyasi boshqaruvi raisi Kim Chang Keong boshchiligidagi ishbilarmonlar, jamoat va ta’lim sohasi vakillaridan iborat delegatsiya Qoraqalpog‘istonga keldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad hududning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishish, mahalliy sheriklar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Turli sohalarning 15 nafar vakilidan iborat nufuzli delegatsiya Qoraqalpog‘istonda hamkorlikda ishlashga alohida qiziqish bildirdi.
Mehmonlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Yerniyazov bilan uchrashib, investitsiya, ta’lim, sayyohlik va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘zaro hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, biznes-forum o‘tkazildi. Respublika kardiologiya dispanseri, Toshkent tibbiyot pediatriya institutining Nukus filiali, Beruniy tumanidagi Shoshilinch tibbiy yordam markazi va I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga tashrif uyushtirildi.
Biznes-forum doirasida hududning sarmoya va turizm salohiyatiga oid taqdimotlar o‘tkazildi. Janubiy Koreya delegatsiyasi va Qoraqalpog‘iston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja tashkil etildi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston hududida janubiy koreyalik sarmoyadorlarni jalb qilgan holda qizilmiya ildizini chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Mintaqaning sayyohlik salohiyatiga doir taqdimotlar Qoraqalpog‘istonning diqqatga sazovor joylari, madaniyati, turmush tarzi, tabiiy landshafti, tarixiy-arxeologik yodgorliklariga bag‘ishlandi.
Janubiy Koreya delegatsiyasi tashrifi yakunida investitsiyalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari bo‘yicha tegishli hujjatlar imzolandi.
Mehmonlar, shuningdek, Respublika kardiologiya dispanseri, Toshkent tibbiyot pediatriya institutining Nukus filiali faoliyati, ushbu muassasalarning moddiy-texnik bazasini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha rejalar bilan tanishdi. Kelajakda Nukus shahridagi mazkur tibbiyot muassasalarida hamkorlikda ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.
Izoh (0)