Islom dunyosi Quddus imtihonini uddalay olmadi, deb bayonot berdi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on. U AQSh elchixonasining Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirilishiga musulmon mamlakatlari tomonidan sust munosabat bildirilgani holatiga shunday izoh berdi, deb yozadi Sputnik.
“Quddus — bu shunchaki shahar emas. Bu musulmonlar uchun belgi, bu imtihon. Islom dunyosi bu imtihonni topshira olmadi. Butun dunyo ham undan o‘ta olmadi, BMT AQSh tomonidan yo‘l qo‘yilgan harakatga samarali qarshilik ko‘rsata olmadi. Biz, musulmonlar, qoralashdan boshqa hech vaqo qilmayapmiz”, — dedi Erdo‘g‘on G‘azo sektoridagi Isroil harakatlariga qarshi Istanbulda minglab odamlar to‘plangan norozilik mitingida.
Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, “agar musulmonlar birdam bo‘lsa va birgalikda zulmga qarshi chiqsa, u holda Isroil noma’qulchiligi uzoqqa bormaydi”. Shu bilan birga turk yetakchisi yahudiylarni sionistlarga o‘xshatish kerak emasligini qo‘shimcha qildi va amerikaliklarni “AQSh rahbariyati sodir etayotgan xatoliklarga nisbatan ovozlarni balandlatishga” chaqirdi.
Mitingda Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim ham chiqish qilib, “Falastin xalqining adolatli kurashi — Turkiyaning ham kurashi” deb aytdi. Yildirim Isroil yetakchisini fashist Germaniyasi va Italiyasi rahbarlariga qiyosladi.
“Isroil hukumati Gitler va Mussoliniga taqlid qilgan holda, butun dunyoga o‘zlarining asl maqsadlarini ko‘rsatmoqda — ular okkupantlar bo‘lib, huquq normalarini mutlaqo nazarga ilmaydi”, — dedi Turkiya bosh vaziri.
Amerika elchixonasi Quddusga ko‘chirilgan kunda G‘azo sektorida norozilik aksiyalari boshlanib ketdi. Isroil askarlari tartibsizlik ishtirokchilariga qarata to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘t ochdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlarda 60dan ziyod falastinliklar halok bo‘lgan.
Erdo‘g‘on ushbu harakatlarni genotsid deb atadi va Turkiyada uch kunlik motam e’lon qildi. Bundan tashqari, Anqara maslahatlashuv uchun AQSh va Isroildan o‘z elchilarini chaqirib oldi, Isroil elchisiga esa mamlakatni tark etishni taklif etdi.
Izoh (0)