Buyuk Britaniyada maktab o‘quvchilariga imtihonlar vaqtida qo‘l soat taqish taqiqlandi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning yozidan boshlab auditoriyalarda qo‘l soatni yechish va stolda qoldirish kerak bo‘ladi. Shu tariqa ko‘chirmachilikning oldini olish mo‘ljallanmoqda.
Ayni paytda mamlakatda imtihonlar vaqtida “aqlli soatlar”dan foydalanish taqiqlangan. Negaki bunday soatlar yordamida internetdan ma’lumot qidirish mumkin. Shuningdek, auditoriyalarda mobil telefonlardan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
Yangi taqiq “aqlli soatlar”ning tashqi ko‘rinishidan oddiy qo‘l soatlarga o‘xshab ketadigan modellariga qarshi kurashishga qaratilgan. Shu bilan birga, o‘quvchilar qo‘l soatlarining tagida shpargalka berkitib auditoriyaga olib kirishi ham yangi taqiqning joriy qilinishiga sabab bo‘lgan.
Imtihonlar vaqtida nazoratchilar auditoriyadagi o‘quvchilarning qo‘l soatini yechganini tekshirishlari kerak.
Avvalroq, may oyida Hindistonning Bixar shtati maktablarida uzun yengli ko‘ylak kiygan qizlar imtihonga kiritilmagani ma’lum qilingan edi. Ko‘ylaklarning yenglari qirqilib, bu holat ko‘chirmachilikning oldini olish deb izohlangan.
Izoh (0)