15-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qrim ko‘prigining avtomobil qismi ochilishida qatnashdi. Davlat rahbari ko‘prikdan “KamAZ”da qurilishda ishtirok etgan texnika kolonnasiga bosh bo‘lib yurib o‘tdi, deb yozadi Forum Daily. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Putinning yuk mashinasini kamar taqmasdan haydaganiga e’tibor qaratdi va buning uchun uni jarimaga tortishni taklif qildi. Uning yonida o‘tirgan qurilish rahbari va ishchilardan biri ham xavfsizlik kamaridan foydalanmagan.
Lipetsk viloyat kengashi deputati Oleg Xomutinnikov Rossiya bosh prokurori Yuriy Chaykaga xat yuborib, Putin yo‘l harakati xavfsizligini buzgan-buzmaganligi masalasiga oydinlik kiritishni so‘radi. Shuningdek, prezidentda yuk avtomobilini boshqarish imkonini beruvchi “C” toifasidagi haydovchilik guvohnomasi bor-yo‘qligini ham tekshirib ko‘rishni taklif qildi.
Bunga javoban, Federal qo‘riqlov xizmati ochilish marosimi chog‘ida ko‘prik hali jamoatchilik foydalanadigan yo‘l maqomini olmagani tufayli, Putin qonunni buzmaganini ma’lum qildi.
Avvalroq Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putinning haydovchilik guvohnomasida yuk mashinalarini haydashga ruxsat beruvchi kategoriya mavjudligini aytgan edi.
Izoh (0)