Toshkentda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasining “Yoshlar qanoti” tomonidan oliy o‘quv yurtlarining turli yo‘nalishlarda ilmiy ish olib borayotgan yosh tadqiqotchilar ishtirokida tadbir o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirda mamlakatda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning hozirgi bosqichi, qolaversa, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasidagi vazifalar partiyaning yosh olimlar bilan amalga oshirayotgan ishlarini ham tubdan qayta ko‘rib chiqishini taqozo etayotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” qoshida doimiy asosda faoliyat yurituvchi hamda bugun mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar taqdiriga befarq bo‘lmagan, Harakatlar strategiyasida ilgari surilgan g‘oyalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor yosh tadqiqotchilarni ixtiyoriy asosda birlashtiruvchi “Yosh olimlar liga”sini tuzishga qaror qilindi.
Yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning izlanishlari natijalarini amaliyotga joriy etishga ko‘maklashish, ilmiy ishlanmalarini keng jamoatchilikka yetkazishda yaqindan ko‘maklashish “Yosh olimlar ligasi”ning muhim vazifalaridan sanaladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari bilan doimiy muloqotni tashkil qilishga alohida urg‘u berilayotgani ham tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir doirasida 60 dan ortiq yosh tadqiqotchilarning partiya ko‘magida chop etilgan iqtisodiyot, siyosat, huquq va xalqaro munosabatlar sohalariga oid ishlarini jamlagan ilmiy to‘plamning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bunday maqolalar to‘plami endilikda “Yosh olimlar ligasi” shafeligida doimiy ravishda chop etib borilishi ko‘zda tutilmoqda.
Izoh (0)