Aprel oyi oxirida Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Jahongir Ortiqxo‘jayev shahar markazidagi yetti qavatli ma’muriy bino ishtirokidagi kimoshdi savdosini to‘xtatdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Avvalroq, 20-aprel kuni Spot nashri xalq orasida “Gazeta korpusi” nomi bilan taniqli bino 18,2 milliard so‘mlik boshlang‘ich narx bilan kimoshdi savdosiga qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.
Shundan so‘ng O‘zA ushbu bino shahar hokimligi tomonidan “Toshbozorsavdo”ni rivojlantirish maqsadida olingan 15 milliard so‘m miqdoridagi kredit uchun garovga qo‘yilganini aniqladi.
Kredit muddati yakuniga yetganiga qaramay, qarzga olingan mablag‘ qaytarilmagan, oqibatda bino, u bilan birga bino ichidagi restoran ham kimoshdi savdosiga qo‘yilgan.
O‘zAning yozishicha, hokim vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev binoni auksionda sotish jarayoni to‘xtatilganini ma’lum qilgan. E-ijro Auksion saytida ham lot yo‘qolib qolgan. Kredit va bino taqdiri nima bo‘lishi hozircha noma’lum.
Izoh (0)