Toshkent viloyatining Chinoz va Yangiyo‘l tumanlaridagi aholining qoramollari uchun bozor narxidan ko‘proq pul va’da qilib, qoramollarni ham, ularning sotuvidan tushgan pullarni ham o‘zlashtirib yuborgan shaxslar qo‘lga olindi.
“Toshkent” telekanalining “Poytaxt-Vaziyat” ko‘rsatuvida ma’lum qilinishicha, jinoiy guruh jami 11 nafar fuqaroning 191 million so‘mlik qoramollarini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zlashtirib yuborgan.
Guruhning yosh a’zosi — 1999-yilda tug‘ilgan A.Akramov o‘z vaqtida sherigi — B.Hojiyevni qilayotgan ishlari chinozlik Ahmadboynikiga o‘xshab ketayotganidan ogohlantirgan, biroq B.Hojiyev bu oldi-sotdi ekani, “ishning bu tomoniga aralashmaslik”ni maslahat bergan.
Mazkur holat yuzasidan Chinoz tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.Akramov va B.Hojiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” va “b” bandlari bilan ish ochilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh (0)