O‘zbekiston davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va Turkiya Energiya va tabiiy resurslar vazirligi mineral resurslarni o‘rganish va tadqiq qilish Bosh boshqarmasi “Xurob” va “Aydim-Jetimtou” oltin maydonlari, shuningdek, Saritou konining geologik jihatdan o‘rganishni kelishib oldi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu boradagi bitim 30-aprel, dushanba kuni O‘zbekiston va Turkiya prezidentlarining muzokaralari doirasida imzolangan.
Ta’kidlanishicha, geologik tadqiqot ishlari joriy yildanoq boshlanadi. “Xurob” (Jizzax viloyati) va Aydim-Jetimtau (Navoiy viloyati) oltin konlarining zaxiralari hali o‘rganilmagan. Saritou konidagi volfram zaxirasi miqdori 740 ming tonnaga, molibden — 24 ming tonnaga, oltin esa 75,2 tonnaga baholangan.
Uchta obyektni tadqiq etish uchun uch yil davomida 5 million dollar sarflanadi. Investitsiyalar Turkiya tomonidan geologiya qidiruv ishlarining natijalari asosida amalga oshiriladi.
Izoh (0)