Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Prezidentning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi ijrosi o‘rganildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ishchi guruh tomonidan 309 xonadondagi 1400 dan ortiq fuqaro bilan muloqot o‘tkazildi. Shuningdek, 40 ijtimoiy soha obyekti, 18 fuqarolar yig‘ini foliyati o‘rganildi.
Muloqotlarda fuqarolar 178 muammo, talab va taklif bilan murojaat qildi. Ularda ko‘tarilgan masalalarning 54 tasi “Yo‘l xaritasi”ga kiritilishi belgilandi. Jumladan, tuman tibbiyot birlashmasi tizimidagi muassasalarda kadrlar yetishmasligi jiddiy muammo bo‘lmoqda. Tor mutaxassisliklar bo‘yicha 14, qishloq vrachlik punktlarida sakkiz nafar umumiy amaliyot shifokori yetishmaydi. Bu surunkali kasallik bilan og‘rigan bemorlarni dispanser hisobiga olishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.
O‘rganishlar davomida kommunal soha, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, ichki yo‘llar holati, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va bandlikni ta’minlashdagi qator kamchiliklar aholining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘layotgani aniqlandi.
Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda mavjud muammolarni bartaraf etishga amaliy ko‘mak berish maqsadida o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida muhokama qilindi.
Sessiyada Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari S. Otamurodov, Jizzax viloyatidan Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar, tuman kengashi deputatlari siyosiy partiyalar faollari mavjud muammolarni atroflicha tahlil etib, ularni keltirib chiqargan sabablar va bartaraf etish yo‘llarini muhokama qildi. Kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlashda deputatlar nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Izoh (0)