Joriy yil 18-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 62-moddasiga jazo tayinlashda ushlab turish va uy qamog‘i muddatlarini hisobga olishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur o‘zgartirish kiritilgunga qadar Jinoyat kodeksining 62-moddasida sud jazo tayinlash vaqtida dastlabki qamoq vaqtini hisobga olar edi. Dastlabki qamoq deganda ehtiyot chorasi sifatida shaxsni qamoqda saqlash tushuniladi. Shu bilan birga, protsessual majburlov choralari sifatida ushlab turish hamda uy qamog‘i ehtiyot chorasi ham mavjud. Biroq, jazo tayinlashda ushlab turish va uy qamog‘i muddatlarini hisobga olish tartibi nazarda tutilmagan edi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2015-2016 yillarda va 2017-yilning birinchi choragida sudlar tomonidan jami 505 nafar shaxsga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
JKning 62-moddasida uy qamog‘i muddatini hisobga olish tartibi nazarda tutilmaganligi sababli, sud amaliyotida jazo tayinlashda uy qamog‘i muddatini hisobga olishda turlicha yondashuvlar yuzaga kelgan.
Xorijiy davlatlar tajribasi, Germaniya, Rossiya, Belorus va Qozog‘iston qonunchiligida jazo tayinlashda uy qamog‘i muddatini hisobga olish tartibi mavjudligini ko‘rsatdi.
Shu sababli, Jinoyat kodeksining 62-moddasiga jazo tayinlashda ushlab turish va uy qamog‘i muddatlarini hisobga olishni nazarda tutuvchi quyidagi o‘zgartishlar kiritildi:
62-modda. Ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalariSud jazo tayinlash chog‘ida ushlab turishning, qamoqqa olishning yoki uy qamog‘ining har bir kunini:
a) ozodlikni cheklashning, intizomiy qismga jo‘natishning, ozodlikdan mahrum qilishning bir kuniga;
b) axloq tuzatish ishlarining yoki xizmat bo‘yicha cheklashning uch kuniga;
v) majburiy jamoat ishlarining to‘rt soatiga tenglashtirib hisoblaydi.
Sud ushlab turilgan, qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlangan shaxsga jarima tayinlashda ushlab turishning, qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlashning bir kunini eng kam oylik ish haqining ikkidan bir qismiga tenglashtirib hisobga oladi.
Izoh (0)