Bugun, 13-aprel kuni YuNESKO tomonidan tashkil etilgan “O‘rta Osiyoda o‘qituvchilar bilan barqaror rivojlanish” loyihasi doirasida taraqqiyot uchun uzluksiz ta’lim mintaqaviy anjumani ishtirokchilaridan iborat delegatsiya Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida mehmon bo‘ldi. Bu haqda universitet axborot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Dunyoning to‘rt tomonidan tashrif buyurgan 60 dan ziyod mehmonlar universitetda tashkil etilgan ta’lim jarayoni, oliy ta’lim muassasasining moddiy texnik bazasi, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif buyurganlarining aksariyati oliy ta’lim muassasalari professorlari bo‘lib, ular ToshDO‘TAU xalqaro universitet maqomini egallashga shay ekanligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari mazkur universitet bilan o‘zlari faoliyat yuritayotgan muassasa o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatish taklifini ham bildirishdi.
Mehmonlar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti nafaqat mintaqada, balki jahonda ham moddiy texnik bazasi va ta’lim sifati nuqtayi nazaridan yetakchi o‘rinlarni egallashga haqli ekanligini e’tirof etdi.
Izoh (0)