Quyi palataning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Seminarda xavfli zararkunandalardan yurtimiz hududining ishonchli himoyasini ta’minlovchi ichki va tashqi o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat tadbirlarining samarali tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ularning mamlakat ichida tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi ishlarni kuchaytirish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, sohaga doir kamchiliklar tahlil qilindi. Hozirgi kunga qadar mamlakatimizda eksportga jo‘natiladigan hamda karantin zararkunandalari, o‘simliklar kasalliklari, begona o‘tlar tashuvchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan chet davlatlardan olib kiriladigan urug‘lar, o‘simliklar, o‘simlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvi va ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha laboratoriyalar yo‘q. O‘simliklar karantini sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ta’sirchan tizimi mavjud emas, buning natijasida mutaxassislarning kasb mahorati, ish ko‘nikmasi oshirilishi ta’minlanmayapti.
Tadbir doirasida O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi faoliyatiga oid ko‘rgazma tashkil etildi. Unda o‘simliklarni laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish jihozlari, soha mutaxassislari uchun tayyorlanayotgan maxsus kiyim-bosh, transport vositasi namunalari va boshqa texnikalar namoyish etildi.
Izoh (0)