7-aprel kuni xorijiy internet-nashrlar Qirg‘iziston Davlat chegara xizmatiga asoslanib, O‘zbekiston harbiy xizmatchilari Qirg‘iziston hududida turgan erkakka qarata o‘q uzgani haqida xabar tarqatdi.
“Interfaks” agentligi axborotiga ko‘ra, Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Kerbent shahri yaqinida yuz bergan hodisa oqibatida 1984-yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosi shifoxonada vafot etgan.
Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston bosh vaziri Sapar Isoqov voqeani “O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda” o‘rganib chiqish haqida ko‘rsatma bergan.
Ayni vaqtda, O‘zbekiston hukumatidagi “Daryo” manbasining ma’lum qilishicha, Qirg‘iziston fuqarosiga o‘q uzilganida, u O‘zbekiston hududida bo‘lgan.
“U avval ogohlantirilgan, so‘ng osmonga qarata o‘q otilgan, shundan keyin ham u bo‘ysunmagach, unga o‘q uzilgan. U Qirg‘iziston hududigacha yetib borgan, u yerda uni sheriklari kutib olgan va mashinada shifoxonaga olib ketishgan”, — deydi manba.
O‘zbekiston tarafining qayd etishicha, hozirgi paytda halok bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarosi O‘zbekiston hududiga nima maqsadda kirgani noma’lum.
Izoh (0)