Maktabgacha ta’lim vazirligida Janubiy Koreyaning Puchon universiteti professorlari Li Dong Vuk va Li Xi Gyung bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Tadbirda hamkorlik munosabatlarining istiqboldagi rejalari muhokama qilindi. Xususan, universitet filiali qurilishini tezlashtirish (Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Pedagogika kolleji hududida mazkur filialni qurish uchun yer maydoni ajratilgan), mamlakat pedagogika oliy o‘quv yurtidagi 3 yillik bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma o‘quv rejasini ishlab chiqish kabi masalalar muhokama qilindi.
Puchon universiteti professori Li Dong Vuk Toshkentda universitet filialini tashkil etish bo‘yicha guruh rahbari etib tayinlandi
Tomonlar, shuningdek, maktabgacha ta’lim sohasi vakillarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari, O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim davlat dasturi ishlab chiqishda hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida mehmonlar tomonidan Maktabgacha ta’lim vazirligiga koreyalik mualliflar tomonidan yaratilgan o‘quv-uslubiy materiallar taqdim etildi.
Izoh (0)