Eron Turkmanistondan Kaspiy dengizidagi voqeaga zudlik bilan izoh berishni talab qildi. U yerda turkmanistonlik chegarachilar Eronning baliqchi kemasini o‘qqa tutib, kemadagi to‘rt baliqchidan ikkisini o‘ldirgan edi. Bu haqda Iran Daily xabar bermoqda.
Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Bahrom Qosimiy ma’lum qilishicha, Eron fuqarolik kemasini o‘qqa tutgan turkmanistonlik chegarachilarning tajovuzkor xatti-harakatlari yuzasidan norozilik bildiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron tomoni hodisadan keyin darhol Turkmaniston hukumatiga nota yuborib, izoh talab qilgan.
“Hatto baliqchilar Turkmaniston chegaralariga yaqin kelgan bo‘lsa ham, xalqaro amaliyotga muvofiq, patrul katerlari qoidabuzarlarni shunchaki o‘z hududiy suvlaridan quvib yuborishi ham mumkin edi”, — dedi Qosimiy.
Izoh (0)