Nepalda ayiqlarning noyob turining eng so‘nggi vakillaridan biri nobud bo‘ldi, deb xabar beradi Daily Mail.
O‘tgan yilning dekabr oyida World Animal Protection tashkiloti xodimlari Nepal janubida ikkita noyob turga mansub ayiqni ko‘cha artistlaridan tortib olgan edi. O‘shanda ayiqlar mamlakat poytaxti Katmandu shahriga olib kelingan edi.
Qayd etilishicha, o‘shanda 19 yoshli Rangila va 17 yoshli Shridevi laqabli ayiqlarning salomatligida muammolar ko‘zga tashlangan. Oradan bir necha hafta o‘tgach urg‘ochi ayiq nobud bo‘lgan.
Nepal hukumati hayvonlarni himoya qilish tashkilotiga bergan va’dasining ustidan chiqmadi. Ular jonivorlarni Hindistonning Agra shahrida joylashgan ayiqlar qo‘riqxonasiga jo‘natishi kerak edi. Buning o‘rniga esa ayiqlar hayvonot bog‘iga joylashtirildi. Hayvonot bog‘idagi sharoitlar esa jonivorlarga to‘g‘ri kelmas edi.
“Bizning ushbu turdagi ayiqlarni qutqarishga qaratilgan hamma harakatlarimiz zoye ketganga o‘xshaydi. Endilikda tirik qolgan ayiqni Hindistonga o‘zimiz jo‘natishga harakat qilyapmiz”, — deydi hayvonlarni himoya qilish tashkiloti xodimlari.
Mazkur turdagi ayiqlar Hindiston, Pokiston, Shri-Lanka, Bangladesh, Nepal va Butanda yashaydi. Ular chumoli va termitlar bilan oziqlanadi.
Izoh (0)