Keniya olimpiya terma jamoasi Toshkent orqali Andijonga yetib keldi, deb yozadi O‘FA matbuot xizmati. Jamoa 23-mart kuni Ravshan Haydarov ustozlik qilayotgan o‘zbekistonlik olimpiyachilarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi.
Raqibning Andijonga tashrifi “Navro‘z” bayramiga to‘g‘ri keldi va afrikalik futbolchilar o‘zbekistonliklar bilan birga bayram tantanalarida ishtirok etdi. Ular avvaliga Toshkent xalqaro aeroportida, keyinroq esa Andijonda muxlislar tomonidan iliq kutib olingan.
Rejaga ko‘ra, 23-mart kungi o‘yinga “Barkamol avlod” stadioni mezbonlik qiladi. 26-mart kuni esa O‘zbekiston va Keniya olimpiya termalari Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida saf tortadi.
Avvalroq vodiyga tashrif buyurgan Umid Ahmadjonov Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik futbolchilar Farg‘ona va Andijon shaharlarida xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishi haqida aytib o‘tgandi. Shuningdek, O‘FA birinchi vitse-prezidenti barcha futbol muxlislarini Navro‘zi ayyomi bilan tabriklab, milliy va olimpiya terma jamoalarining kelgusida kutib turgan o‘yinlarida omad tiladi.
“Navro‘z” bayrami arafasidagi uchrashuvlar uchun taklifnomalar chiqarilgan bo‘lib, ular futbol muxlislariga bepul tarqatilmoqda.
Izoh (0)