Ispaniya milliy sud palatasida 19-fevral kuni salkam 10 yildan buyon tergov qilinayotgan rossiyalik fuqarolarning Ispaniyada “pul yuvish”iga aloqador jarayon — “rus mafiyasining ishi”ni ko‘rib chiqish boshlanadi, deb xabar berdi “RIA Novosti”.
Bugun, 19-fevral kuni 18 nafar sudlanuvchiga prokuratura ayblov e’lon qiladi. Sudlanuvchilar orasida Rossiya Davlat dumasi deputati Vladislav Reznik ham bor. Prokuraturaning ayblov xulosasida 27 nafar odamning familiyasi keltirilgan. Taxminlarga ko‘ra, sud ikki hafta davom etadi.
Mazkur ish bo‘yicha ayblanayotganlar, jumladan, asosiy gumondor Gennadiy Petrov qayerda ekanligi noma’lum.
Sud ishi o‘tgan yilning 12-iyunida boshlanishi kerak bo‘lgan, biroq sudlanuvchilardan birining ahvoli og‘irlashib qolgani sabab qoldirilgan edi. Ayblanuvchilar 5,5 yildan 8,5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi, shuningdek, 2,7 milliard yevro jarimaga tortilishi mumkin.
Prokuraturaning hisoblashicha, 1996-yilda Rossiya fuqarolari Ispaniyada ko‘chmas mulk sotib olib “pul yuvish” sxemasini yaratgan.
Izoh (0)