D.S. sobiq kursdoshi B.M.ni ko‘chada uchratib xursandchilikdan boshi osmonga yetdi. Oradan shuncha yil o‘tdi, axir. Talabalik yillari yodiga tushdi. Kursdoshilari haqida surishtirdi. B. M. ishlari “besh” ekanligini bildirar ekan, suhbat davomida xohlovchilar bo‘lsa, Jizzax davlat pedagogika institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishi mumkinligini qistirib o‘tdi, deb yozadi “Xalq so‘zi”.
Bu gap D.S.ni befarq qoldirmadi. Chunki singlisining oliy ma’lumot olish niyati bor edi. D.S. temirni issig‘ida bosib, institutga kirish uchun zarur bo‘ladigan xizmat haqi bilan qiziqdi. Aytilgan miqdor balandroq edi-yu, diplom qo‘lga tegsa, xarajatlar qoplanishini o‘ylab, kursdoshiga telefon qilishni diliga tugib qo‘ydi. Uyiga keliboq, yaqinlari, singlisi bilan maslahatlashdi.
Shu tariqa D. S. Jizzax shahrining “Zargarlik” mahallasida “xamir uchidan patir” deya 700 AQSh dollarini kursdoshiga berdi. Pulni uzatar ekan, xayolidan “Institutda B.M. ancha olg‘ir yigitlar sirasiga kirardi, o‘qishga kiritishning epini topar, aldamasdir...” degan o‘ylar ham kechdi. Test javoblari e’lon qilingach, D. S. noxush o‘ylari o‘ng kelganligini his qildi. Dastlab, B. M. turli bahonalar to‘qidi. Bu yil test boshqacharoq o‘tgani, vaziyat kutilmaganda o‘zgarganini bayon qildi. Endi D. S. tashvishi pulni qaytib olish bo‘lib qoldi. Pulni qaytarish borasidagi iltimoslar do‘q-po‘pisaga aylandi hamki kursdoshdan sado chiqmadi...
— Aldanganligiga amin bo‘lgan D. S. ichki ishlar idorasiga murojaat qildi, — deydi Jizzax viloyati IIB matbuot guruhi rahbari Abulqosim Ahmedov. — Shunday qilib Sharof Rashidov tumani, Nurliquyosh mahallasi Marvarid ko‘chasida yashovchi D.S.ning arizasiga asosan Mirzacho‘l tumani, “Do‘stlik” mahallasi, Ulug‘bek ko‘chasida yashovchi, shu hududdagi maktab o‘qituvchisi B.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”), 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)