Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Yaman fuqarolariga gumanitar yordam ko‘rsatish, shuningdek, mamlakat infratuzilmasi va portlarini tiklash uchun BMTga 31-martga qadar va’da qilingan 1 milliard dollarni o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Bu haqda 12-fevral, dushanba kuni tashkilot bosh kotibining o‘rinbosari Mark Loukok ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
U ikki mamlakat yanvar oyida Yamandagi gumanitar operatsiyalar uchun 1 milliard dollar ajratish, shuningdek, mintaqa mamlakatlaridan ushbu maqsadlar uchun yana 500 million dollar to‘plashga va’da berganligini eslatdi.
Loukokning so‘zlariga qaraganda, ikki mamlakat tomonidan kiritilayotgan mablag‘lar 2018-yildagi gumanitar operatsiyalar uchun zarur 2,96 milliard dollarning uchdan birini qoplash uchun yetarli bo‘ladi.
BMTning baholashicha, bu mablag‘lar 8,5 million kishiga oziq-ovqat yetkazish va 5,4 million kishini suv bilan ta’minlash uchun yetarli bo‘ladi. Bundan tashqari, BMT va uning hamkorlari mojaro davomida vayron etilgan 1 400 maktab va 650 tibbiy muassasini tiklashni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)