O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi saytidagi “Vazirga savol” bo‘limi orqali kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda. Bu haqda 27-yanvar kuni vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Xabar berishlaricha, 26-yanvar kuni Toshkent shahrida yashovchi Sh.Mirkomilov sayt orqali vazirga murojaat qilib, “aniq yashash joyiga ega emas shaxs ko‘chada uxlayotgani, sovuq kunlar o‘tguniga qadar unga amaliy yordam ko‘rsatish”ni so‘ragan.
Vazirning topshirig‘iga ko‘ra, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Qutqaruv guruhi ko‘rsatilgan manzil — Mirobod tumani, Katta Mirobod 2-tor ko‘chasiga yuborilgan.
Qutqaruv guruhi ko‘rsatilgan manzilda tashqarida uxlayotgan, aniq yashash joyi bo‘lmagan, 1952-yilda tug‘ilgan fuqaro Aleksandr Yusupovga birinchi yordam ko‘rsatib, uni Mirobod tumani IIB profilaktika inspektori bilan birgalikda yaqin tibbiyot birlashmasiga joylashtirgan.
Bundan tashqari, shaharning Shayxontohur tumanida, “Bunyodkor” metro bekati yaqinida uxlayotgan, aniq yashash joyi bo‘lmagan, 1946-yilda tug‘ilgan fuqaro Anatoliy Sandrunovga birinchi yordam ko‘rsatgan hamda tegishli choralar ko‘rish uchun uni Shayxontohur tumanidagi ichki ishlar xodimiga topshirgan.
Izoh (0)