O‘zbekiston boks federatsiyasiga qarashli Uzbek Tigers jamoasi WSB turnirida uchinchi bor ishtirok etadi.
O‘zining debyut mavsumida yarim finalga qadar yetib borgan va Kubaning Cuba Domadores klubidan yengilgan o‘zbekistonlik bokschilar yo‘liga ikkinchi mavsumda ham aynan kubaliklar to‘g‘anoq bo‘lgandi. Samarqanddagi amfiteatrda kechgan chorak final to‘qnashuvida Uzbek Tigers raqibini 3:2 hisobida taslim qilgan, biroq Kubada imkoniyat boy berilgandi — 0:5.
Endi kubaliklar Uzbek Tigers’ga yanada yaqinroq keldi. Chempionlik uchun da’vogar bo‘lgan bu jamoalar guruh bosqichining o‘zidayoq to‘qnash keladi. Mazkur zonadan, shuningdek, Kolumbiya va Venesuela jamoalari ham joy olgan.
Taqvimga ko‘ra, 10-fevral kuni o‘zbekistonlik bokschilar Kubada mehmon bo‘ladi. 27-fevral kuni esa kubaliklar Toshkentda ringga chiqadi. Oradan ikki kun o‘tib, aniqrog‘i 1-mart kuni O‘zbekiston ringlariga Kolumbiya bokschilari chiqib keladi.
Ikkinchi davra janglari sanasi hozircha noma’lum. Boks federatsiyasining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, Venesuela terma jamoasi barcha — har 10 ta jangni ham O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bilan chiqqan. Bu taklif Uzbek Tigers’ga ham ma’qul kelgan. Ayni paytda jang sanalari borasida kelishuv davom etmoqda.
Bir yil avval O‘zbekiston jamoasi o‘z guruhida Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy bilan bellashgan bo‘lib, o‘z ringlaridagi barcha janglarda zafar quchishga erishgandi.
Izoh (0)