Slovakiyalik Vladimir Vayss Osiyo Chempionlar Ligasining pley-off bosqichidan joy olgan “Paxtakor”ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi, deb yozdi “Championat.asia” nashri.
“Al-Garafa” futbolchisiga olgan jarohati “Paxtakor”ga qarshi o‘ynash imkoniyatini bermaydi. 2017-yilning dekabrida chap oyog‘ini operatsiya qildirgan Vayss, yanvarning 30-sanasiga qadar tiklanib ulgurmaydi. U uzoq muddatga safdan chiqqan.
Operatsiya haqida futbolchining o‘zi ijtimoiy tarmoq orqali ma’lumot bergan bo‘lib, uning muvaffaqiyatli o‘tganini, eng qiyin bosqich esa tiklanish ekanligini qayd etgandi. U 19-dekabr kungi “Al-Garafa”ning taqdirlash marosimida chap oyog‘idagi maxsus moslama bilan ishtirok etgan. Bunda jamoa Qatar Yulduzlar Ligasi kubogiga ega chiqqandi.
Slovakiya terma jamoasidagi o‘yinlari orqali tanilgan Vladimir Vayssni o‘zbekistonlik futbol muxlislari 2015-yilning 3-mart kuni yanada yaxshiroq eslab qolgandi. O‘sha kuni u Sergey Lushchan boshchilik qiladigan “Bunyodkor”ning besh futbolchisini aldab o‘tib, supergol urishga erishgandi.
Vladimir Vayssiz ham “Al-Garafa” safida yaxshi legioner futbolchilar bor. Qatar klubi yaqindagina gollandiyalik yulduz Uesli Snayder bilan shartnoma imzolagan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay osiyolik legioner o‘rniga Eron milliy termasi hujumchisi Mehdi Tarimni xarid qilgandi.
Izoh (0)