Argentinalik hujumchi Karlos Teves Xitoyning “Shanxay Shenxua” klubi bilan shartnomasini bekor qildi va o‘z vataniga qaytib ketdi.
2017-yilning boshida shanxayliklar Tevesni olib kelib, uni dunyoda eng katta maosh oluvchi futbolchilardan biriga aylantirgandi. Kelishuvga ko‘ra, Teves “Shanxay Shenxua” klubidan yiliga 38 million yevro maosh olishi kerak edi.
16 ta klub ishtirok etadigan Xitoy Super Ligasini “Shanxay Shenxua” bor-yo‘g‘i 11-o‘rinda yakunladi. Teves esa to‘purarlar ro‘yxatiga yaqinlasha olmadi ham. Butun mavsum davomida shanxayliklar uchun 16 ta o‘yin o‘tkazgan Teves, 4 tagina goli bilan yodda qoldi xolos. Undan ancha kam maosh oladigan argentinalik Lavessi esa “Xebey Chayna Forchun” klubida 20 ta gol urib, to‘purarlar poygasida ikkinchi bo‘la oldi.
Teves endi faoliyatini Argentinaning “Boka Xuniors” klubida davom ettiradi. Jamoaning Twitter’dagi rasmiy sahifasi ham bu haqda ma’lumot berdi.
Izoh (0)