O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Jamshid Najmiddinov professional boksning yarim-o‘rta vazn toifasida jahon chempionligini qo‘lga kiritdi, deb yozdi “Olamsport” nashri. Bu boks muxlislari uchun yangi yil sovg‘asiga aylandi.
Qozog‘istonning Almata shahrida Najmiddinov WFA (World Fighting Assotiation) kamari uchun indoneziyalik Xero Titoga qarshi ringga ko‘tarildi. Jang davomida raqibidan ustun ekanini isbotlay olgan Jamshid Najmiddinov, yakunda o‘z vazn toifasida jahon chempioniga aylandi.
Bokschi professional ringda hozirga qadar 17 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning 16 tasida raqiblarini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan. O‘z faoliyatidagi yagona mag‘lubiyatni o‘zbekistonlik sportchi o‘tgan yilning 16-sentabr kuni Ukraina poytaxti Kiyevda qabul qilib olgandi. Hakamlar xatosi tufayligina u WBC chempioni Viktor Postoldan yengilgandi.